Ingliz tili akademik maqsadlar uchun dasturi O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va Britaniya Kengashi hamkorligida O'zbekistonda ta'lim tizimini isloh qilish jarayonini qo'llab-quvvatlash va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 aprelda imzolagan “Ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonini amalga oshirishga hissa qo'shish maqsadida ishlab chiqilgan.
Dasturning umumiy maqsadi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olayotganlarni xalqaro miqyosdagi ta'lim va ilmiy-tadqiqotlar yo’nalishida o'z tengdoshlari bilan hamkorlik qilish va keyingi kasbiy rivojlanish imkoniyatlaridan, shu jumladan chet elda qisqa muddatli kurslar, magistrlik va doktorlik dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini berishdir.
Dastur CEFR va chet tillarni o'qitish bo'yicha O'zbekiston milliy standartlariga murojaat qilgan holda ishlab chiqilgan bo’lib, dasturning 300 nafar potentsial ishtirokchilari va tanlangan a’zolari bo'lgan fokus-guruhlar o'rtasida o'tkazilgan ehtiyojlar tahliliga asoslanadi.
Dastur uchta moduldan iborat:
- boshlang'ich uch haftalik yuzma-yuz ishlash moduli
- yigirma haftalik, ko’mak ostida amalga oshiriladigan ochiq o'quv moduli
- to’plangan tajribani umumlashtirish uchun yuzma-yuz ishlanadigan modulning so'nggi haftasi.
Yangi dastur tilni o'rganish va kasbiy rivojlanish uchun keng ko’lamli, eng zamonaviy bosma va onlayn manbalarni, tilni o’rganish va imtihondan o’ta olish uchun zarur bo’lgan o’zlashtirish strategiyasini taklif etadi hamda o'quvchilarning mustaqil bilim olishlariga yordam beradi. Ta'lim texnologiyalari va elektron tarzda bilim olish sohasidagi yutuqlarga tayanib hamda Dasturni qo'llab-quvvatlash maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan maxsus platforma ishlab chiqilgan. Dasturda ko’zda tutilgan aralash ta'lim yondashuvi juda band bo'lgan ta’lim sohasi mutaxassislariga juda mos keladi, ular o’z sohalaridagi 21-asr talablariga javob bera olishlari uchun ham kasbiy, ham shaxs sifatida rivojlanib borishlari lozim.
Loyiha quyidagi bosqichlarda amalga oshirildi:
- murabbiylarni tayyorlash mashg'uloti 2017 yil iyun oyida o'tkazildi;
- ishtirokchilar Britaniya Kengashining diagnostik test natijalari (APTIS) asosida tanlandi;
- A2 + va B1 + ikki darajasida ishtirokchilarning ilk ikki guruhi uchun birinchi modul 2017 yil avgust oyida yo’lga qo’yildi. Kurslar loyihaning hamkori – O'zbekistondagi 22 ta oliy o’quv yurtlari (markaziylari) akademik xodimlari va rahbar xodimlarning malakasini oshirishga mas’ul Bosh ilmiy-metodik markaz tomonidan muvofiqlashtirildi;
- ikkinchi onlayn modul 2017 yil sentyabr va dekabr oylari oralig'ida o’tkazildi. Ta'lim milliy mutaxassislar tomonidan olib borildi va qo'llab-quvvatlandi, ular dastur ishtirokchilarining o'qish davridan maksimal foyda olishlari uchun professional maslahatlar berdilar va bevosita mashg'ulotlar o’tkazdilar.
- dasturning uchinchi moduli 2017 yil dekabr oyida bo'lib o'tdi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi.