Sardor Rajabov
“Britaniya Kengashi til bilimini baholash sohasida yetakchi rol oʻynaydi va usiz bu sohani rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishib boʻlmaydi”, – deb hisoblaydi Sardor Radjabov.
Bugungi kunda Radjabov Sardor Baxtiyorovich O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (DTM) direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. Markaz tomonidan har yili O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar uchun turli fanlardan 40 dan ortiq turdagi test sinovlari o‘tkaziladi. Britaniya Kengashi ingliz tili boʻyicha bilim va koʻnikmalarni baholash Davlat test markazining asosiy hamkori hisoblanadi.
“Britaniya Kengashi bilan birinchi hamkorligim 2004-yilda boshlagan. Toshkentdagi Vestminster universitetiga kirish uchun Britaniya Kengashi test markazida IELTS topshirdim. Shu paytda hayotim sinovlar bilan bunchalik chambarchas bog‘liq bo‘lishini va taqdir bizni bir necha marta uchrashtirishini xayolimga ham keltirmagandim”, - deb eslaydi Sardor Baxtiyorovich.
Ayni paytda Britaniya Kengashi va Davlat test markazi onlayn tarzda o‘tkaziladigan “Aptis for Teachers” dasturi bo‘yicha hamkorlikda ishlash bo‘yicha memorandum tuzishdi.
Aptis for Teachers - bu ingliz tili o‘qituvchilari uchun malaka imtihonidir. Dastur o‘qitish va ingliz tilini bilish mahoratingizni baholash imkonini beradi va o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga yordam beradi. Aptis dasturini tamomlagan o‘qituvchilar asosiy ish haqiga qo‘shimcha ravishda oylik mukofot olish huquqiga ega. Test sinovlari har oyda bir marta Davlat test markazida o‘tkaziladi, nazorat va baholash Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Imtihonni topshirgandan so‘ng, test natijalarini shaxsiy kabinetdan 72 soat ichida olish mumkin.
“Dastur O‘zbekistonda faqat 2021-yilda boshlanganiga qaramay, test sinovidan o‘tish istagida bo‘lganlar juda ko‘p. Imtihonlar natijalari keyingi yillarda ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar yuz berganidan dalolat beradi. Ingliz tili oʻqituvchilarining malakasini oshirish darajasi maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalarining koʻrsatkichlariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda”, - deydi Sardor Radjabov.
Britaniya Kengashi va DTM ingliz tili o‘qituvchilari uchun asosiy bilimlarni oshirishga qaratilgan seminarlar, vebinarlar va treninglar bir necha bor tashkil etgan. Eng muhimlaridan biri Britaniya Kengashining Global baholash yechimlari kengashi menejeri Viktoriya Klark tomonidan o‘tkazilgan testologiya bo‘yicha seminar bo'ldi. Doktor Klarkning treninglarida o‘qituvchilar testologiya nazariyasi va amaliyotini o‘rganishdi, shuningdek, test topshiriqlarini ishlab chiqishda qo‘llaniladigan kompyuter dasturlaridan foydalanishning texnik ko‘nikmalarini egallashdi.
“Britaniya Kengashining rasmiy hamkori sifatida men mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shayotganimdan va “Aptis for teachers” test sinovlarini tashkil etishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Yubiley sharafiga O‘zbekistonning oliy va xalq ta’limi sohasidagi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlayotgan Britaniya Kengashiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Britaniya Kengashi O‘zbekistondagi faoliyatining 25 yilligini nishonlayotgan o‘zgacha yilda muvaffaqiyatlar tilab, loyihalarga talab tobora ortib borishini istardim. Britaniya Kengashi tomonidan birlashtirilgan professionallar jamoasi bilan ishlashdan juda xursandman. Hamkorligimiz til bilimlarini baholashda muhim o‘rin egallaydi va men birgalikdagi ishimizni yuqori baholayman”, — deya xulosa qildi Sardor Radjabov.