Image of Sardor

Sardor Sodiqov

Ta’lim tizimi va usullaridagi ijobiy o‘zgarishlar, odamlarning ingliz tilini o‘rganishga intilishi va o‘qituvchilarning o‘z malakalarini oshirish imkoniyatlari ortib borayotgani Britaniya Kengashi bilan yanada yaqin hamkorlikni rag‘batlantirmoqda.

Sardor Sodiqov Qarshi shahridagi Prezident maktabi direktori, shuningdek, “Global Education in Karshi” xususiy oʻquv markazi rahbari va asoschisi hisoblanadi. 2021-yil 30-iyun kuni yosh avlod o‘rtasida ingliz tilini o‘rganishni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Shuhrat” davlat medali bilan taqdirlangan.

2018-yil noyabr oyida Sardor Sodiqov rahbarligidagi markaz o‘qituvchilari Britaniya Kengashi bilan hamkorlik dasturini yo‘lga qo‘yishdi. Oradan bir yil o‘tib markaz ma’muriyati Britaniya Kengashi ko‘magida Qarshi shahrida birinchi IELTS imtihonini o‘tkazdi.

“Britaniya Kengashi bilan hamkorligimizdan maqsad mahalliy aholi orasida ingliz tilini ommalashtirishdan iborat. Biz uch yildan ortiq Britaniya Kengashi bilan hamkorlik qilib, Qarshi shahrida xalqaro test sinovlaridan o‘tishimiz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Markazimiz barchani imtihonga ro‘yxatdan o‘tkazadi va IELTS imtihoniga tayyorlaydi. Ingliz tilini oʻrganish va oʻz bilimlarini IELTS sertifikati bilan tasdiqlash istagida boʻlgan yuzlab odamlar Britaniya Kengashi bilan hamkorligimizning muvaffaqiyatli koʻrsatkichi boʻldi”, – deydi S.Sodiqov.

Qashqadaryo viloyati fuqarolari va aholisi uchun hamkorlikning eng muhim natijasi, avval bo‘lgani kabi, poytaxtga ketmasdan, Qarshi shahrida IELTS imtihonini topshirish imkoniyati bo‘ldi. IELTS ham O‘zbekiston, ham xorijdagi oliy o‘quv yurtlariga kiruvchi barcha abituriyentlar uchun talab qilinadi. Sardor Sodiqov Britaniya Kengashining rasmiy hamkori sifatida hamkasblari mahalliy aholi uchun imtihon topshirishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berganidan xursand ekanini taʼkidladi.

Britaniya Kengashi bilan hamkorlik tufayli Sardor Sodiqov oʻquv markazi Qarshi shahrida IELTS imtihoniga roʻyxatdan oʻtganlar soni boʻyicha kumush maqomiga sazovor boʻldi. Ayni paytda “Global Education in Karshi” IELTS imtihonlarini roʻyxatdan oʻtkazish va testdan oʻtishning turli usullari: ham klassik qogʻoz variantida, ham kompyuterda taqdim etiladigan viloyardagi yagona markazdir.

COVID-19 pandemiyasi davrida Sardor Sodiqov oʻquv markazi va Britaniya Kengashi IELTS ga tayyorgarlik koʻrish va topshirish boʻyicha koʻplab onlayn konferensiyalar va mahorat darslarini oʻtkazdi.

“Britaniya Kengashi bilan hamkorlik natijasida biz chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. O‘qituvchilarimiz malaka oshirish kurslarini tamomladilar, ingliz tilini o‘qitishning yangi uslubiga o‘tdilar. Biz har yili Britaniya Kengashining seminarlari, vebinarlari va boshqa tadbirlarida qatnashamiz. Bizda yetakchi o‘qituvchilar, tilshunos va metodistlarning ko‘p yillik qimmatli tajribasi va butun dunyo bo‘ylab ta’lim sohasida ishlagan yillari davomida to‘plagan bilimlari bilan o‘rtoqlashish uchun bir qator treninglardan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldik”, – aytib o‘tdi S.Sodiqov.\

Bu yil Britaniya Kengashi muhim sanani – ikki davlat: O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faoliyatining 25 yilligini nishonlamoqda. Sardor Sodiqov oʻtgan yillar davomida yuzlab insonlar hayotiga taʼsir oʻtkazgan uzoq muddatli hamkorlik uchun minnatdorlik bildiradi.

“Avvalo, Britaniya Kengashining barcha xodimlariga hozirgi va kelajakdagi loyihalarida muvaffaqiyatlar tilayman. Ushbu tashkilot bilan uzoq yillik hamkorlik davomida men bu yerda faqat o‘z ishini aniq biladigan mutaxassislar ishlashini angladim. Britaniya Kengashi tufayli ta’lim doimo muvaffaqiyat va farovonlik garovi bo‘lgan. Britaniya Kengashining do‘stona jamoasining mehnati va sa’y-harakatlari tufayli biz o‘sishda va viloyatimiz ta’lim sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirishda davom etamiz”, — deya xulosa qildi Sardor.