Image of Nodira

Nodira Shaabasova

Yoshlarning muvaffaqiyatli  bandligi Britaniya Kengashining turizm bo‘yicha maslahatchisi Nodira Shaabasova amalga oshirayotgan loyihalarning asosiy natijalaridan biridir. 

Nodira Shaabasova Britaniya Kengashida uchta loyihada ishtirok etgan va bu hamkorlik Yunusobod turizm kollejining o‘sha paytdagi maxsus fanlar kafedrasi mudiri uchun 2013-yilda kollej “Turizm uchun ingliz tili” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tajriba maydonlaridan biriga aylanganidan so‘ng boshlandi. Keyinchalik Nodira Xojiakbarovna “Turizm uchun ko‘nikma” va “Bandlik ko‘nikmalari” loyihalarida ham ishtirok etdi. 

Albatta, birinchi loyihada turizm sohasidagi muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri bo‘lgan ingliz tilini o‘rganishga yondashuvlarni yangilashga asosiy e’tibor qaratildi. Nutq mahoratini rivojlantirishga alohida ahamiyat berildi.

“Aynan ingliz tilida gapirish mahorati bolalarga muloqotdagi mavjud to‘siqni yengib o‘tishga yordam berdi. Axir, ilgari, hatto chet tilida ancha yaxshi nazariy bilimga ega bo‘lganlar ham uni amaliy sharoitda qanday qo‘llashni bilmas edilar. Ya’ni, ko‘pincha turizm sohasining yosh mutaxassislari xorijlik sayyohlar bilan uchrashganda ular bilan to‘liq aloqaga chiqa olmagan edilar”, - deya ta’kidlaydi N.Shabasova. 

Loyihani amalga oshirish jarayonida til o‘rganish uchun o‘yin vaziyatlaridan foydalaniladi, mehmonxona va restoran biznesida, umuman, turizm sohasida haqiqatan ham uchraydigan narsalarni modellashtiriladi. Yaxshi ishlab chiqilgan dialog sahnalari, turli vaziyatlarni simulyatsiya qilish, rolli o‘yinlar o‘quvchilarning ish tajribasi davomida o‘zlarini ishonchli his qilishlariga, turizm sohasida kerakдш bo‘lgan kadrlar sifatida faol bo‘lishga imkon berdi.

“3 yil davom etgan loyihada Oʻzbekistonning 4 viloyatidan turizm kollejlari ishtirok etdi, biz Toshkent shahrini taqdim etdik. Buning natijasida mazkur kollejlar bitiruvchilarini turizm yo‘nalishida ishga joylashtirish, shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilish darajasi yuqori bo‘ldi. Qolaversa, bu bitiruvchilarning aksariyati hanuzgacha o‘z sohasi bo‘yicha – xalqaro sayyohlik tashkilotlar, turoperatorlar, restoranlar, mehmonxonalar, aeroportlarda ishlamoqda”, — deb g‘urur bilan qayd etadi ekspert.

Nodira Hojiakbarovnaning aytishicha, birinchi loyiha nafaqat talabalarga, balki o‘qituvchilarga ham ko‘p narsa berdi. – “Ta’lim, oila va mehnat munosabatlarining ahamiyati, bu munosabatlarni rivojlantirish va faoliyatimiz tizimida qo‘llash zarurligi haqida bilib oldik. Bunda Jeyn Norman, Keyt Tetli va boshqalar kabi yetakchi xorijiy ekspertlar bilan muloqot katta rol o‘ynadi”.

Britaniya Kengashining yana ikkita loyihasida ishtirok etish nafaqat bilimga ega bo‘lish, balki zamonaviy mehnat bozori sharoitlariga ham javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash zarurligi haqidagi tushunchani mustahkamladi va rivojlantirdi.

“Loyihalarni amalga oshirish jarayonida mehnat bozorini tahlil qilib, bitiruvchiga o‘z faoliyatida muayyan kasb-hunarga oid qanday bilim va ko‘nikmalar zarur bo‘lishi, nimalari eskirib qolganligini aniqlashni o‘rgandik. Bo‘lajak kadrlarni mehnat bozorini jiddiy tahlil qilish, shu jumladan ish beruvchilar fikrini hisobga olgan holda tayyorlash kerakligi ayon bo‘ldi. Aks holda, o‘qishdan so‘ng bitiruvchi ko‘p narsani bilsa-da, amalda hech narsa qilishni bilmaydigan tizimga qaytamiz”.

Bo‘lajak mutaxassislar boshidanoq turizm sohasi vakillarining tashqi ko‘rinishi estetikasi, sayyohlar, mehmonlar, mijozlar bilan muloqot qilishning nozik jihatlari va ushbu qiziqarli va mas'uliyatli sohada eng xilma-xil qabul qilingan standartlar haqida tushunchaga ega bo‘ldilar.

“Loyiha davomida koʻnikma va malakalarga katta eʼtibor qaratildi. Xo‘sh, deylik, har qanday davlatning turizm sohasida mehmonni tabassum bilan kutib olish odat tusiga kirgan, do‘stona, hurmatli, bunday mahorat majburiy. Talabalarning bunday zarur ko‘nikmalarni yaxshi o‘zlashtirgani esa o‘sha bitiruvchilarning yaxshi baholari bilan tasdiqlandi”.

Bitiruvchilarning kelajakdagi ishlarida muvaffaqiyatga erishishiga, o‘qituvchining fikricha, loyiha davomida olingan ko‘plab bilimlar yordam berdi. Masalan, jamoada ishlash mahorati, turli tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish qobiliyati. – “Talabalar turli kechalar, bayramlar, tadbirlar o‘tkazdi, bunda tashabbuskor bo‘lishni, o‘z tashkilotchiligida ijodkorlikni o‘rganishdi. Ular, xususan, Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan ShHT yigʻilishida va boshqa xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, tarjima mahoratini oshirishdi. Mazkur bitiruvchilar “Turizm faoliyati tashkilotchisi” ixtisosligi doirasida birdaniga to‘rtta kasbga ega bo‘ldi: turoperator, turagent, gid va animator, bu esa ularning ish topish imkoniyatlarini kengaytirdi”.

Kasbiy standartlarning ahamiyatini tushunish, malakani baholash nafaqat turizm sohasida, balki boshqa sohalarda, jumladan, energetika, qurilish va qishloq xo‘jaligida ham mutaxassislar tayyorlash uchun olingan ko‘nikmalarni yanada qo‘llashga yordam berdi.

“Bandlik ko‘nikmalari” (2018-2020) loyihasi doirasida ish beruvchilar bilan hamkorlikda, mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda amalga oshirilgan kasbiy standartlarni ishlab chiqish ishlari olib borildi. Shuningdek, ish topishni rejalashtirganlar uchun taqdimot ko‘nikmalarini rivojlantirish, rezyume yozish, hujjatlar to‘plamini tayyorlash uchun zarur hujjatlar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

“Mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish esa har bir aniq yoʻnalish boʻyicha koʻnikma va bilimlarga boʻlgan talab tahliliga asoslanishi kerak. Umumiy standartlar va ma'lum bir sohaga tegishli bo‘lgan standartlar mavjud. Loyiha doirasida bunday o‘quv dasturlarini ishlab chiqish ekspert guruhlari tomonidan amalga oshirildi. Shunday qilib, Britaniya Kengashining turli loyihalari, birinchi navbatda, insonning muvaffaqiyatli faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, uning eng qisqa vaqt ichida ish joyiga moslashishiga qaratilgan. Aytaylik, bitiruvchilarimiz yangi ish joyida 2-3 haftalik ichki mashg‘ulotlardan so‘ng samarali ish yuritishlari mumkin”, — deya xulosa qiladi Nodira Shaabasova.

“Bular juda samarali loyihalar va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi 25 yilligi nishonlanadigan yilda men bu ishni yanada davom ettirishni, unga mahalliy mutaxassislarni yanada ko‘proq jalb etishni, yoshlarimiz kamolotiga yanada katta hissa qo‘shishni istayman”.