Yayra Abduraimova
Bugungi kunda o‘qituvchi nazoratchi emas, balki jarayonni boshqaradigan fasilitator bo‘lib, unda 80% faollik o‘quvchilar tomonidan ko‘rsatiladi. “Biz bunga asosan Britaniya Kengashining loyihalari tufayli keldik”, - deydi Yayra Abduraimova.
Bugungi kunda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU)ning ingliz tili kafedrasi mudiri, 2005-yilda Britaniya Kengashi loyihalariga ilk bor qo‘shilganida shu universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Yayra Rustamovna uchun hammasi “Hornby” loyihasidan boshlandi, uning treninglari metodologiyadagi innovatsiyalarga bag'ishlangan.
Shundan so‘ng “PRESETT” loyihasida ishtirok etib, loyiha davomida ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha yangi o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Uni yaratish xalqaro va mahalliy tajribani hisobga olgan holda amalga oshirildi, universitet o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhlari Rod Bolaito va boshqalar kabi tajribali xorijiy ekspertlar ko‘magida innovatsiyalar o‘zlashtirildi. Dastur 4 yil davomida ishlandi, sinovdan o‘tkazildi va takomillashtirildi. Bundan tashqari dastur 2013-yildan boshlab O‘zbekistonning ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashda 17ta oliy o‘quv yurtlarida rasman qabul qilingan va joriy etilgan.
“Yangi dasturning xususiyatlarini poytaxt va viloyatlardagi o‘qituvchilar o‘rtasida muvaffaqiyatli yuritib borish maqsadida men, jumladan, “trenerlar uchun treninglar”dan o‘tib, nafaqat pedagogik, balki tashkilotchilik, yetakchilik fazilatlarini ham shakllantirdim. Britaniya Kengashi loyihalaridagi bu ish menga doimiy o‘sish, yangi narsalarni o‘zlashtirish va bu yangi narsalarni boshqa hamkasblarimga muvaffaqiyatli o‘tkazishga imkon berdi”, - deydi Yayra Abduraimova.
O‘qituvchining o‘z sohasi mutaxassisi bo‘lishi, avvalgi uslubiy tizim bilan bugungisi o‘rtasidagi farqni yaqqol anglab yetishida bo‘lsa kerak. Bu nafaqat Yayra Rustamovnaga, balki Britaniya Kengashi maktabidan o‘tgan boshqa o‘qituvchilarga ham tegishli.
“Hududiy oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari metodologiyaga innovatsion yondashuvlar bilan birinchi marta tanishganlarida, odatda, mahalliy oʻzgarishlarni amalga oshirish mumkin emas deb hisoblashardi. Ammo yiliga bir necha marta muntazam ravishda o‘tkaziladigan mashg'ulotlardan mashg'ulotlarga qadar bu pozitsiya keskin o‘zgardi. Qolaversa, bugungi kunda ushbu treninglar ishtirokchilari o‘zlarini o‘z universitetlaridagi “PRESETT” vakillari deb g'ururlanib, barcha yangi narsalarni amalga oshirishda yordam berishadi. Ular yaxshi tomonga o‘zgarishga qat’iy qaror qilgan, har doim yangilikni anglaydigan odamlardir va bu haqiqatan ham Britaniya Kengashi faoliyatining eng muhim samaralaridan biridir!”, - deya ta’kidlaydi ekspert.
O‘qitish metodlariga yondashuvlarning o‘zgarishi, eng avvalo, o‘quvchilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. “Bugungi kunda har bir dars turli ko‘nikmalar, ya’ni o‘quvchilar yozish, muloqot qilish, o‘qish, muhokama qilishi bilan yuritiladi va butun jarayon faqat ingliz tilida olib boriladi. Agar oldingi o‘qitish usullari bilan o‘qituvchi grammatikani tushuntirishga ko‘p vaqt ajratgan bo‘lsa, bugungi kunda vaqtning 80% o‘quvchilar o‘rtasidagi muloqotga, ularning javoblari va muhokamalariga sarflanadi, ularga umumiy topshiriqlari beriladi. Bundan tashqari, o‘quv jarayoni auditoriyadan tashqariga chiqdi: talabalarga intervyu olish, universitetdan tashqari boshqa joyda taqdimot qilish kabi vazifalar berilishi mumkin. Ya’ni, bugungi kunda Britaniya Kengashi ko‘magida ishlab chiqilgan metodologiya ancha kommunikativ va interaktivdir”, - deb hisoblaydi Yayra Abduraimova.
Yayra Abduraimova tashkilotni 25 yillik yubileyi bilan tabriklab, O‘zbekistonda oliy ta’lim va xalq ta’limi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Britaniya Kengashiga chuqur minnatdorlik izhor etadi.
“Ushbu ajoyib tashkilotning yurtimizdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman! Umid qilamanki, Britaniya Kengashining yana ko‘plab ajoyib, har doim juda zarur va qiziqarli loyihalari O‘zbekiston oliy ta’limida amalga oshadi! Loyihalaringiz bizga nafaqat eng ilg‘or xalqaro tajribani ochib berdi, balki turli mamlakatlardan kelgan o‘qituvchilarga bir-birlari bilan tanishish va dunyoqarashini kengaytirish imkonini berdi. Shunday ajoyib loyihalar ko‘payaversin!”