Image of Djamilya

Jamila Ermetova

Bu Britaniya Kengashi loyihalari bilan tanishishi onlayn ta’lim davridan ancha oldin boshlangan, Urganch davlat universiteti kafedra mudiri Jamila Ermetovaning fikri.

Birinchi marta Britaniya Kengashi  va uning vazifalari nima ekanligini Jamila Ermetova 1997-yilda bilib olgan. Urganch Davlat universitetida ingliz tili o‘qituvchisi, ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi a’zosi bo‘lgan davrda ilk bor seminarda qatnashib, Buyuk Britaniyadan kelgan muallif va mutaxassislar tomonidan “Word Wise” darsligi taqdimotida ishtirok etgan edi. "Shundan keyin men Britaniya Kengashi tomonidan e’lon qilingan tanlov va loyihalarda doimo qatnashishga harakat qildim", - deya ta’kidlaydi Jamila Ermetova.

Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri va UzTEA (O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi) Xorazm filiali raisi lavozimida ishlab kelayotgan Jamila Ismoilovna ingliz tilini o‘qitishning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha PRESETT loyihasida ishtirok etmoqda.

“Britaniya Kengashining turli loyihalari koʻmagida biz ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlashda juda katta ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirdik. Bilasizmi, men oliy ta’lim tizimida 1991-yilda ish boshlaganman, o‘shanda hammasi – metodika, darsliklar – eskicha edi. Talabalarga - bo‘lajak o‘qituvchilarga dars berish rus tilidagi bir yoki ikkita kitob orqali amalga oshirilardi. Biroq, o‘sha yillarda biz zamonaviy kommunikativ o‘qitish usullariga ega darsliklar talab qilinishini va ingliz tilini rus tili orqali o‘qitish qabul qilinishi mumkin emasligini tushundik. Shuning uchun, ingliz tilini birinchi til sifatida o‘qitishning zamonaviy xalqaro standartlarini ishlab chiqish, ularni bizning yurtimizga moslashtirish, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish o‘z vaqtida amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Britaniya Kengashi va boshqalar hamkorligida amalga oshirilgan bunday ishlarda bevosita ishtirok etganimdan faxrlanaman. Endi o‘tmish va bugungi ta’limotni solishtirsam, yaxshi tomonga juda katta farq borligini ko‘ryapman”.

Jamila Ermetova erishilgan yutuqlarni juda qisqa, ammo keng qamrovli ibora bilan tavsiflaydi: “Bugungi kunda yangi metodikaning joriy etilishi bilan o‘qituvchi uchun ham, talaba uchun ham oson bo‘ldi”. Albatta, u amaliyotchi sifatida yaxshiroq biladi - u nafaqat o‘z ishining natijasini ko‘radi, balki Britaniya Kengashi loyihalarida ishtirok etishini shaxsiy tarjimayi holidagi muhim bosqichlar sifatida g'urur bilan aytadi. O‘qituvchining muvaffaqiyati doimo shogirdlarining muvaffaqiyatida yaqqol ko‘rinadi.

“Metodikani talabalar ikkinchi kursdan boshlab o‘rganadilar. Ularning ko‘pchiligi 3-4-kursdan amaliyot o‘tayapti, bo‘sh vaqtlarida til kurslarida dars berishyapti. Va ular biz hozir bermoqchi bo‘lgan metodologiyada hamma narsadan foydalanadilar. Shunday qilib, ular uchun mutlaq qoida - dars davomida tinglovchilar uchun to‘rtta asosiy ko‘nikmalardan foydalanishdir. Yangi metodika yoshlar tomonidan muvaffaqiyatli o‘zlashtirilayotgani va chinakam samara berayotganini biz o‘qituvchilar, o‘quvchilarimizning maktablarda o‘tkazayotgan amaliyoti jarayonida ham ko‘rishimiz mumkin”.

Jamila Ismoilovna, shuningdek, Britaniya Kengashi loyihalari ishtirokchilari pandemiya sharoitidan kelib chiqqan onlayn rejimga yaxshi tayyor bo‘lganini ishonch bilan qayd aytadi.

“Taxminan 4-5 yil muqaddam koʻplab oʻqituvchilar “Technology Enhanced Language Learning” dasturida ishtirok etishgan. Ushbu kurs Internet texnologiyalari imkoniyatlarini va ulardan samarali foydalanishni o‘rganishga qaratilgan edi. Albatta, pandemiya davrida onlayn ta’limga keskin burilish bo‘lganida oliy ta’lim tizimi bunga tayyor emas edi. Britaniya Kengashining vebinarlarida qatnashgan ko‘plab filologiya universitetlari professorlari uchun bu jarayon ancha oson bo‘ldi. Qolaversa, veb-seminarlar tizimi o‘z samarasini ko‘rsatdi va biz ularda qatnashishda, xalqaro ekspertlar, boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblar bilan muloqot qilishda, tajriba almashishda davom etmoqdamiz, bular  uzluksiz o‘sish uchun juda zarur ko‘nikmalardir. Buning uchun men Britaniya Kengashidan ham minnatdorman va bugungi kunda nafaqat yosh o‘qituvchilar, balki bizning talabalarimiz va bitiruvchilarimiz ham bunday veb-seminarlar va onlayn ta’limning boshqa shakllariga juda faol qo‘shilishmoqda”.

Bizning qahramonimiz: onlayn formatda ham "Biz sarosima bo‘lib qolmadik", deya ta’kidlaydi. 

Butun kasbiy faoliyati bo‘lajak mutaxassis va ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashga bag‘ishlangan Jamila Ermetova Britaniya Kengashining yordami, loyihalar davomida tanishgan va hozirda YouTube kanallariga obuna bo‘lgan ekspertlardan juda minnatdor. 

“Universitetimizning barcha ingliz tili oʻqituvchilari nomidan aytishim mumkinki, biz Britaniya Kengashining Oʻzbekistonda oliy taʼlimni rivojlantirish, ingliz tilini oʻrgatish va kasbiy yuksalishimizga qoʻshayotgan hissasini yuqori baholaymiz. Britaniya Kengashi har doim nafaqat universitet o‘qituvchilari, balki umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va barcha til o‘rganuvchilar uchun ham ilhom manbai bo‘lib kelgan. Britaniya Kengashi faoliyatining yana bir muhim jihati madaniyatlararo xabardorlikni rivojlantirish imkoniyatidir. Xususan, Britaniya Kengashi hamkori bo‘lgan O‘zbekiston Prezidentining “El-yurt umidi” jamg‘armasi tufayli bir qator o‘qituvchi va talabalarga Buyuk Britaniyaga tashrif buyurish imkoni yaratildi, til o‘rganuvchilar esa bu borada qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Biz Britaniya Kengashining barcha ingliz tili o‘qituvchilari uchun qilayotgan ishlarini qadrlaymiz. Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi faoliyatiga muvaffaqiyatli yillar tilayman!”