IELTS imtihonining “Speaking” (Gapirish) boʻlimi qoʻrqinchli boʻlishi mumkin. Ammo qilgan mashaqqatli mehnatingizga ishonish orqali, bu ingliz tili koʻnikmalaringiz qanchalik rivojlanganini imtihon oluvchiga koʻrsatish imkoni boʻlishi ham mumkin.
Ushbu postda IELTS boʻyicha global ekspertimiz Hazan Hayaloğlu IELTS imtihonining gapirish boʻlimida yuqori natijalarga erishish boʻyicha oʻzining eng sara sakkiz maslahati bilan boʻlishadi.
Agar imtihonga tayyorlanayotgan boʻlsangiz, imtihon formati haqidagi soʻnggi maʼlumotlar uchun har doim bevosita asl manba – IELTS veb-saytiga kirish kerakligini yodda tuting. IELTS topshiruvchilar uchun: bepul onlayn Academic Writing testlar yoki General Training Writing testlar bilan mashq qilishingiz mumkin. Shuningdek, IELTS Writing javoblar varaqasini yuklab olib, unga javobingizni yozish orqali ham mashq qilishingiz mumkin.
IELTS imtihonining gapirish boʻlimi nima?
Biror maslahat bilan tanishishdan oldin IELTS Speaking qismining uchta asosiy qismini koʻrib chiqqan maʼqul.
- Birinchi qism – bunda oʻzingiz va oilangiz haqidagi savollarga javob berasiz.
- Ikkinchi qism – bunda siz imtihon oluvchi tomonidan taqdim etilgan mavzu boʻyicha bir-ikki daqiqalik nutq soʻzlaysiz
- Uchinchi qism – imtihon oluvchi bilan ikkinchi qismda taqdim etilgan mavzuni uzoqroq muhokama qilasiz.
Endi, keling, IELTS imtihonining gapirish boʻlimidagi ijrongizni yaxshilash boʻyicha eng sara maslahatlarni koʻrib chiqamiz.
1. Xotirjamlikni saqlashga harakat qiling!
Aksariyat til oʻrganuvchilar gapirish mahoratini egallash eng qiyin koʻnikma ekanini tasdiqlaydi. Siz xatolardan xoli gaplarni tuzishingiz, masalan, toʻgʻri soʻzlar va toʻgʻri talaffuz haqida oʻylashingiz, ona tilingizdan bevosita tarjima qilishdan saqlanishingiz, tegishli xabarni yetkazishingiz, toʻgʻri ohangdan foydalanishingiz va fikrlaringizni tartibli ravishda bir-biriga ulashingiz kerak. Biroz ogʻir vazifa!
Xayolda shuncha narsani boshqarish kerak boʻlgan bir vaqtda, xotirjamlikni saqlash oson boʻlmaydi, lekin yodda tuting, imtihon oluvchi diqqatini koʻproq nutqingizdagi ijobiy jihatlarga qaratadi, xatolaringizga emas. Ular siz nima qoʻlingizdan kelmasligini emas, nimaga qodir ekaningizni koʻrish uchun imtihon oladi va oʻzingizni qulay his qilishingiz uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Buni xuddi doʻstingiz bilan boʻladigan qisqa suhbat, deb tasavvur qiling. Bu bor-yogʻi muloqotdir – siz undan har kuni foydalanasiz.
Shuningdek, yodda tuting, sizning muayyan mavzular boʻyicha bilimingiz baholanayotgani yoʻq. IELTS imtihonining gapirish boʻlimidagi mavzular hayotingiz, tajriba va fikrlaringizga asoslanadi. Masalan, sizdan uy hayvoni, tugʻilgan shahar, eng yaxshi doʻst yoki ishingiz haqida soʻzlab berish soʻralishi mumkin. Aksariyat odamlar oʻzlari haqida gapirishni yoqtiradi, shunday ekan, shunchaki xotirjamlikni saqlang va bor imkoniyatingizni ishga soling. Bunda toʻgʻri yoki notoʻgʻri javoblar yoʻq!
2. Javoblaringizni uzaytiring
Uzoq gapirish – qanchalik ravon ekaningizni koʻrsatish imkoniyatidir. Javoblaringiz uchun sabablar koʻrsatishga odatlaning. Agar imtihon beruvchi sizdan “Nega?” deb soʻrayversa, bilingki, siz yetarlicha maʼlumot bermayapsiz. Ravonlik – baholanadigan toʻrtta IELTS mezonining biridir va ravon soʻzlash uchun yaxshi nutq oqimini taʼminlashingiz kerak. Shu sababli, juda koʻp gapiryapman, deb xavotir olmang!
Nutqi ravon va ravon boʻlmagan soʻzlovchilar orasidagi farqni koʻrish uchun quyidagi misollar bilan tanishing.
Javob |
Yaxshiroq javob |
Imtihon oluvchi: What is your favourite pet animal? Nomzod: My favourite pet animal is a cat. Imtihon oluvchi: Why? Nomzod: Because they are cute. |
Imtihon oluvchi: What is your favourite pet animal? Nomzod: My favourite pet animal is a cat. I have always found myself drawn Imtihon oluvchi: Why? Nomzod: Unlike dogs, cats are low maintenance. They don’t require a lot of space and they are cheap to feed. We can leave them alone at home all day and they don’t panic or get lonely. They also make great company for |
3. Bir daqiqangizdan unumli foydalaning
Gapirish boʻlimining ikkinchi qismi – siz berilgan mavzu haqida soʻzlaydigan qismda – imtihon oluvchi nutqingizni tayyorlab olishingiz uchun sizga bir daqiqa beradi. Bu vaqtdan oqilona foydalaning!
Mavzu sizga notanish boʻlsa, vahimaga tushmang; biror hikoya toʻqishingiz yoki oʻzingizni boshqa birovning oʻrniga qoʻyib, hikoyani uning nuqtayi nazaridan soʻzlashingiz mumkin. Masalan, oʻzingiz qatnashgan sport tadbiri haqida gapirish kerak boʻlsa-yu, siz sport muxlisi boʻlmasangiz, oʻzingizni sportga qiziqadigan doʻstingizning oʻrniga qoʻyib, uning tajribasini oʻzingiznikidek soʻzlab berishingiz mumkin. Toʻgʻri yoki notoʻgʻri javob boʻlmaydi; faqat sizning gapirish koʻnikmangiz baholanyapti, xolos.
Yoritishingiz lozim boʻlgan jihatlar savol kartasida beriladi, shunday ekan, tutilib qolganda qarab olish uchun bir daqiqani qayd varagʻiga kalit soʻzlarni (gaplarni yozish koʻp vaqt oladi) tezgina yozib olishga sarflash tavsiya etiladi. Aytishga gaplaringiz tugab qolsa, qoʻshimcha jihatlar haqida gapirishingiz mumkin. Ravonlik boʻyicha qoniqarli ball olish uchun u qadar koʻp toʻxtalmasdan davom etishingiz zarur, demak, ushbu qaydlar sizga asqatadi!
4. Yodlab olmang!
Gapirish boʻlimi savollari umumiy sxemaga ega. Birinchi qismda sizdan tugʻilgan shahringiz, ish yoki hobbilaringiz kabi shaxsiy mavzular haqida soʻraladi. Ikkinchi qism shaxsiy tajribangizga qaratiladi, shu sababli, siz biror joy, inson yoki obyektni tasvirlashingiz mumkin. Uchinchi qismda ikkinchi qismdagi mavzuga oid fikrlaringiz boʻyicha muhokamadan foydalaniladi.
Tegishli soʻz boyligi, koʻp uchraydigan gaplar va iboralar (birga keluvchi soʻz birikmalari) bilan qurollanish, albatta, natija beradi, lekin nutqning katta qismlarini yodlab olishdan qochish muhimdir. Imtihon oluvchilar yodlangan javoblarni aniqlashga oʻqitilgan boʻladi va bu uchun ballingizni pasaytiradi.
Buning oʻrniga, soʻzlarni sport yoki filmga oid turkumlar boʻyicha guruhga ajratgan holda mavzuga aloqador lugʻatni oʻrganish tavsiya qilinadi. Ushbu yondashuv IELTS imtihonining boshqa boʻlimlari uchun ham lugʻat boyligingizni oshirishga yordam berishi mumkin – soʻz boyligingiz qancha yaxshi boʻlsa, ballingiz shuncha yuqori boʻladi!
5. Aniq va tabiiy tezlikda gapiring
Nutqingizda shoshmaslikka harakat qiling. Haddan ortiq tez gapirish ravonlik uchun beriladigan ballingizni yaxshilamaydi, aksincha, u koʻproq xato qilishingizga sabab boʻlishi mumkin. Buning oʻrniga, hayajoningizni bosib, aniq va tabiiy tezlikda gapiring. Aksentingizdan xavotir olmang; IELTS imtihonida barcha aksentlar qabul qilinadi. Shunchaki, soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilishingizga ishonch hosil qiling.
6. Taslim boʻlmang!
Oʻzingizni hafsalangiz oʻlayotgandek his qilishingiz mumkin boʻlgan uchta koʻp uchraydigan holat mavjud. Sizga aytadigan yagona narsam: taslim boʻlmang!
Birinchi holat – bu siz oʻzingiz izlayotgan soʻzni topa olmaslikdir. Agar bunday holat yuzaga kelsa, uzoq pauzalardan saqlaning va topilmayotgan soʻzni boshqa soʻzlar bilan izohlang yoki fikringizni tushuntirishning boshqa yoʻllarini qidiring.
Ikkinchi holat – berilgan mavzu bilan tanish boʻlmasligingiz yoki biror muammo haqida fikrga ega boʻlmasligingizdir. Agar bu vaziyatga tushib qolsangiz, savolga javob berish maqsadida qoʻlingizdan kelgan barchasini qilish uchun ijodkorligingizni ishga soling. Berilgan vaziyatni boshdan kechirgan biror kishining oʻrniga oʻzingizni qoʻyib koʻrish fikrlarni tezroq yaratishga yordam beradi.
Uchinchi holat – imtihon oluvching savoliga tushunmaslikdir. Bu holat yuz bersa, har doim aniqlashtirishni soʻrashingiz mumkin (lekin juda koʻp savol soʻrashdan saqlaning).
7. Ovozingizni yozib oling
Sizda ona tili ingliz tili boʻlgan kishi bilan mashq qilish imkoniyati boʻlmasa ham, oʻzingiz mashq qilish orqali koʻp narsaga erishishingiz mumkin. Qanday qilib? Amaliy mashqlaringizni yozib olish va oʻzingizni IELTS boʻyicha toʻrtta baholash mezoni – ravonlik, leksik resurslar (soʻz boyligingiz doirasi), grammatik diapazon va aniqlik hamda talaffuz asosida baholash orqali.
Kamchiliklaringizni aniqlash uchun yozuvni eshitib, tahlil qiling. Yaxshiroq soʻzlardan foydalanishingiz mumkinmidi? Qanchalik ravon gapirdingiz? Murakkabroq gaplar tuzishingiz mumkinmidi? Talaffuzingiz qanday ekan? Ovozingiz yozuvi yaxshilangunicha kamchiliklaringiz ustida ishlang.
8. Nimani kutish kerakligini biling
Agar birinchi marta IELTS imtihonini topshirayotgan boʻlsangiz, imtihon formati va baholash mezonlari bilan tanishish siz uchun foydali boʻladi. Nimani kutish kerakligini bilish asablaringizni tinchlantirishga chindan ham yordam beradi.
Imtihon topshirishdan oldin quyidagi savollarning javobini bilish tavsiya etiladi.
- U qancha davom etadi?
- Nechta qismdan iborat?
- Har bir qismda mendan nima kutiladi?
- Baholash mezonlari nimalardan iborat?
Yaqinlashib kelayotgan IELTS imtihoni sanalarini koʻrish yoki imtihon toʻlovini tekshirishni xohlasangiz, IELTS bandlov sahifasiga tashrif buyuring.