Buyuk Britaniyada yangi hayot boshlashga tayyormisiz? IELTS bilan muvaffaqiyatga erishish sirlarini kashf eting.
Ushbu maqolada:
- Maqsadga mos Buyuk Britaniya vizasini tanlash
- Buyuk Britaniyaga koʻchishdan oldin hisobga olinishi lozim boʻlgan omillar
- Ingliz tilini bilish darajasi imtihonlari (SELT)
- Buyuk Britaniya vizalari uchun ingliz tilini bilish talabi
- Buyuk Britaniyadagi hayotga hozirlik koʻrish
- Yakuniy mulohazalar
Xalqaro talabalar doimo Buyuk Britaniyada taʼlim olishga kuchli qiziqish bildirgan. 2023-yilning mart oyigacha boʻlgan bir yillik davr mobaynida 477931 ta homiylik asosidagi taʼlim vizasi berilgan, bu 2022-yil mart oyigacha bir yil davomida berilganidan 22% ga, pandemiyadan oldingi toʻliq yil viza chiqarilgan 2019-yildagidan esa 108% ga koʻproqdir (gov.uk, 2023).
Buyuk Britaniya oliy taʼlim uchun dunyoning eng ommabop manzillaridan biri sifatida qolayotganining koʻp va turli sabablari bor. Jumladan, Buyuk Britaniyaga yoʻl olayotgan talabalar yuzlab yillik tajribaga asoslangan sifatli akademik taʼlim olishi, dunyoning eng zoʻr universitetlarida oʻqishi, koʻp madaniyatli, mehmondoʻst jamiyatda yashashi va oʻqishni bitirganidan keyin ish topish imkoniyatlarini Graduate route orqali izlashi mumkin. Buyuk Britaniyada ishlash ham koʻplab xorijliklarga jozibali tanlov boʻlib koʻrinadi, nega bunday boʻlmasin, axir? Bitiruvchilar uchun mehnat bozori juda faol, turfa xil sohalar mavjud, mamlakat esa yaxshi ish sharoitlari va koʻplab bandlik imkoniyatlarini taklif qiladi.
Maqsadga mos Buyuk Britaniya vizasini tanlash
Buyuk Britaniyada qolish uchun sizga zarur boʻlgan viza turi siz u yerda ishlashni yoki oʻqishni reja qilayotganingizga bogʻliq. U yerga yetib borganingizdan keyin qanday turdagi ish bilan shugʻullanmoqchi ekaningizni ham oʻylab koʻrishingiz kerak. Agar Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy veb-saytiga kirsangiz, oʻzingizga mos vizani tanlash uchun barcha kerakli maʼlumotlarni topasiz.
Ingliz tilidan testlarga kelsak, ularning qaysi birini topshirishingiz qayerga ariza topshirayotganingizga bogʻliq. Turli immigratsiya yoʻllarining ingliz tilini bilish darajasiga boʻlgan talabi turlicha. Baʼzi ariza topshirish yoʻnalishlari (masalan, Talab, Malakali ishchi) barcha toʻrtta til koʻnikmasi – eshitish, oʻqish, yozish va soʻzlashishni baholovchi tasdiqlangan til testlaridan oʻtishni talab qiladi, boshqa yoʻnalishlar (masalan, Sportchi, ota-ona) esa sizning faqat soʻzlashish va eshitish qobiliyatingizni baholovchi test topshirishni soʻrashi mumkin. Oʻzingizga mos testni topshirish uchun buni oldindan aniqlashni esdan chiqarmang.
Buyuk Britaniyaga koʻchishdan oldin hisobga olinishi lozim boʻlgan omillar
Yashash uchun joy topish, oilaviy shifokorga yozilish, Buyuk Britaniya taʼlim tizimini tushunish va mahalliy odamlar bilan muloqot qilish Buyuk Britaniyada yangi hayot boshlashdan oldin oʻylab koʻrish zarur boʻlgan muhim omillarga kiradi. Moliyaviy boshqaruv, jamoat transportidan foydalanish va Buyuk Britaniyaning koʻplab madaniy obidalari hamda bayramlari borasida amaliy maslahatlarni kiritdik.
Ammo bu hammasi emas, Buyuk Britaniyada yangi hayot boshlashda eng muhim omillardan biri ingliz tilini bilish darajangizni isbotlash ekanini biz yaxshi tushunamiz. Shu sababli, biz Buyuk Britaniya universitetlari, ish beruvchilari va immigratsiya masʼullari tan olgan batafsil turfa xil ingliz tili testlari haqida maʼlumot taqdim etib, ushbu testlarga qanday tayyorlanish borasida maslahatlar ham berdik.
Ingliz tilini bilish darajasi imtihonlari (SELT)
Buyuk Britaniya vizasiga topshira olishingiz uchun avval siz ingliz tilini bilish darajasi imtihonlaridan (SELT) oʻtish orqali ingliz tilini bilishingizni isbotlashingiz kerak boʻladi. Bular mufassal xavfsizlik va sifat standartlariga javob beradigan testlar boʻlib, baholash adolatli va xolis boʻladi va natijalar test topshiruvchining haqiqiy ingliz tilini bilish qobiliyatini aks ettiradi.
Buyuk Britaniya hukumatining veb-saytida SELTni qayerda topshirish mumkinligini koʻrsatuvchi tasdiqlangan test oluvchilar roʻyxati bor. Agar Buyuk Britaniyaga taʼlim olish uchun borayotgan boʻlsangiz, qaysi testni topshirishingiz zarurligini bilishingiz muhim. SELT imtihoni Tier 4 (General) talaba vizasi uchun standart talab boʻlsa-da, siz oʻqimoqchi boʻlgan universitet yoki muassasa ham sizdan til bilish qobiliyatingizni isbotlashni soʻrashi mumkinligini unutmang.
Har yili 140 ta davlatda 3,5 milliondan ortiq kishi topshiradigan Akademik IELTS va Umumiy tayyorgarlik IELTS imtihonlaridan tashqari IELTS, shuningdek, Buyuk Britaniya vizasi uchun Buyuk Britaniya ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan ingliz tilini bilish darajasi imtihonlarini (SELT) ham taklif qiladi.
Yo oʻtish yoki yiqilish mumkin boʻlgan Hayotiy koʻnikmalar uchun IELTS imtihonini odatda Buyuk Britaniya vizasini olmoqchi boʻlganlar arizaning bir qismi sifatida ingliz tilida soʻzlashish va eshitish koʻnikmalarini namoyish etish uchun topshiradi. Uni ikkita CEFR darajasida topshirish mumkin: Hayotiy koʻnikmalar uchun IELTS A1 va Hayotiy koʻnikmalar uchun IELTS B1.
UKVI uchun IELTS (Akademik) bakalavriat yoki aspiranturada oʻqishni istayotganlar va Buyuk Britaniyada kasbiy malakasini rasman tan oldirishni rejalashtirganlar uchun ayni muddaodir.
UKVI uchun IELTS (Umumiy tayyorgarlik) esa, aksincha, Buyuk Britaniyaga immigratsiya qilishni rejalashtirayotgan va oliy taʼlimdan quyiroq darajada oʻqishni yoki hunar oʻrganishni xohlagan shaxslar uchun moʻljallangan imtihondir.
Hayotiy koʻnikmalar uchun IELTS yoki UKVI uchun IELTS haqida koʻproq bilmoqchi boʻlsangiz, Britaniya Kengashining IELTS topshiring veb-saytida yetarlicha maʼlumot topishingiz mumkin. Shuningdek, bu saytda imtihon sanalarini koʻrishingiz va IELTS imtihoniga roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin.
Qaysi testni topshirishingiz kerakligiga ishonch hosil qilish uchun imtihon sanasini band qilishdan oldin buni oʻzingiz oʻqimoqchi boʻlgan universitet yoki kollejdan aniqlashtirganingiz maʼqul.
Buyuk Britaniya vizalari uchun ingliz tilini bilish talabi
Buyuk Britaniya vizasini olish uchun ingliz tili darajam qanday boʻlishi shart?
Ushbu savolning javobi asosan ikkita narsaga bogʻliq. Birinchisi, oʻzingiz ariza topshirmoqchi boʻlgan yoʻnalish uchun Buyuk Britaniya ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan ingliz tilini bilish talablarini oʻrganib chiqing. Ikkinchisi, agar siz Buyuk Britaniyadagi universitet yoki kollejga kirmoqchi boʻlsangiz, ular sizdan til bilish darajasini isbotlovchi hujjat talab qilish yoki qilmasligini ham aniqlashingiz zarur. Baʼzida siz tanlagan sohada muassasa belgilagan ingliz tilini bilish talabi Buyuk Britaniya ichki ishlar vazirligi belgilagan minimal darajadan yuqoriroq boʻlishi mumkin.
Umuman olganda, agar diplom taqdim etuvchi oʻqishda yoki undan yuqoriroq darajada oʻqimoqchi boʻlsangiz, Buyuk Britaniya talaba vizasiga topshirish uchun sizning ingliz tilini bilish darajangiz CEFRning B2 darajasiga teng boʻlishi shart. Agar diplom bermaydigan, quyiroq darajali kursda oʻqishni tanlasangiz, ingliz tili darajangiz CEFR B1 darajasiga teng boʻlishi zarur. Ish vizasiga topshirish uchun ingliz tilini qay darajada bilishingiz talab etilishi siz shugʻullanmoqchi boʻlgan ish turiga bogʻliq. Masalan, Malakali ishchi vizasiga topshirayotganlar ingliz tilini kamida CEFR B1 darajada bilishini isbotlashi zarur.
Buyuk Britaniyadagi hayotga hozirlik koʻrish
Joriy ingliz tilini bilish darajangiz qanday boʻlishidan qatʼi nazar, Buyuk Britaniyada yashash uchun xorijga koʻchishingizdan oldin til koʻnikmangiz ustida ishlashga yetarlicha vaqt sarflang. Umumiy ingliz tili koʻnikmangizni yaxshilashdan tashqari, oʻzingiz tanlagan ingliz tilini bilish darajasini aniqlovchi imtihonga tayyorlov kursida oʻqish yaxshi fikr. Bu sizga til koʻnikmalaringizni yaxshilash va imtihon texnikasini rivojlantirishga yordam beradi. Yodda tuting, baʼzi imtihon topshiruvchilar yetarli tayyorgarlik koʻrmagani va imtihon texnikasini yaxshi oʻzlashtirmagani sababli bilimiga munosib ballni qoʻlga kirita olmaydi.
UKVI testi uchun Britaniya Kengashida IELTS imtihoni sanasini band qilishingiz bilan sizga bir qator bepul tayyorgarlik materiallari taqdim etiladi. Ularga onlayn IELTS amaliy testlari va Britaniya Kengashining onlayn tayyorlov kursi ‘IELTS Ready: Premium’ kiradi. Bundan tashqari, Britaniya Kengashining SELT test topshiruvchilari ekspertlar koʻmagini taqdim etadigan GEL IELTS onlayn platformasiga bepul kirishlari ham mumkin boʻladi.
Yakuniy mulohazalar
Chet elga koʻchish chalkashliklarga boy jarayon boʻlishi mumkin, lekin shu bilan birga bu nihoyatda zavqli va manfaatli ham boʻla oladi. Koʻpchilik buni hayotni tubdan oʻzgartiruvchi tajriba deb hisoblaydi, chunki bu ularga yangicha dunyoqarashga ega boʻlish va yangi tajriba toʻplashga yordam beradi.
Hatto tilni oʻrtachadan yuqoriroq darajada bilsangiz ham, doim yoʻlingizda boshqa sinovlarga ham duch kelasiz. Ammo qiyinchiliklarga roʻbaroʻ kelganda koʻnglingizni choʻktirmang Yodingizda boʻlsin, Buyuk Britaniya yashash va ishlash uchun eng yaxshi joylardan biridir, shunday ekan, xayolingizni egallagan shubhalar sizni ortga chekintirishiga yoʻl qoʻymang.
Agar Buyuk Britaniyada yangi hayot boshlashga tayyor ekaningizga ishonsangiz, jarayonni IELTSdan boshlagan maʼqul. Omad!