By IELTS Expert

29 June 2023 - 15:45

How to write an essay in English, blog image

Koʻplab oʻquvchilar ingliz tiliga oid biliming eng yomon qismi ekanini aytadi, lekin odatda bu, shunchaki, oʻziga boʻlgan ishonchning yoʻqligi masalasidir. Mashq qilish va ushbu postdagi maslahatlar yordamida siz ingliz tilingizni maksimal darajaga chiqarish va namoyish qilish uchun oʻzingizga boʻlgan ishonchni oshirishingiz mumkin. Yozma imtihon haqidagi post ham siz uchun qiziqarli boʻlishi mumkin. Bu postda yozish jarayonining uchta bosqichi – rejalashtirish, matnni yozish va uni qayta oʻqish koʻrib chiqiladi.

Agar imtihonga tayyorlanayotgan boʻlsangiz, imtihon formati haqidagi soʻnggi maʼlumotlar uchun har doim bevosita asl manba – IELTS yoki Cambridge English vebsaytiga kirish kerakligini yodda tuting. IELTS topshiruvchilar uchun: bepul onlayn Academic Writing testlar yoki General Training Writing testlar bilan mashq qilishingiz mumkin. Shuningdek, javobingizni IELTS Writing javoblar varaqasiga yozish orqali mashq qilishingiz ham mumkin.

Rejalashtirish

Rejalashtirish – yozish jarayonining ajralmas qismidir. Siz “Men rejalashtirmayman”, deyishingiz mumkin, lekin oʻzingiz bilmagan holda, ongostida rejalashtirasiz! Rejalashtirish jarayoningizdan xabardorlikni oshirish orqali bu jarayonni sezilarli darajada yaxshilashingiz mumkin. Oʻqituvchi sifatida men koʻplab rejalashtiruvchi va koʻplab rejalashtirmaydigan oʻquvchilarni koʻraman. Umuman olganda, rejalashtiruvchi oʻquvchilarning ishi ancha sifatli boʻladi, shu sababli, agar “rejasizlik” lagerida boʻlsangiz, hech boʻlmaganda quyida keltiriladigan gʻoyalardan ayrimlarini sinab koʻrishingiz kerak.

Rejalashtirish 1: Savolga diqqat qarating

Biror vazifa yoki imtihon uchun nimadir yozishda berilgan savolga javob berish nihoyatda muhimdir. Qoniqarli (umuman qilmagandan koʻra, besh daqiqa) rejalashtirish jarayonni nazoratda saqlashingizni taʼminlaydi

Savollarni qismlarga boʻlishdan boshlang. Odatda savolda ikki yoki uch jihat boʻladi (masalan, Cambridge Firstʼda uchta marker belgisi). Siz faqat savolning barcha jihatlarini qamrab olish bilan cheklanmasdan, bunday qilganingizni oʻqituvchi yoki imtihon oluvchiga koʻrsatishni xohlashingiz mumkin, buni namoyish qilishning eng yaxshi usuli esa har bir jihatni alohida paragrafga ajratishdir.

Rejalashtirish 2: Soʻz boyligi va gʻoyalar yordamida aqliy hujumni amalga oshiring

Paragraflarni belgilab olgach, oʻzingizda mavjud soʻz boyligi haqida oʻylang. Balki siz bitta paragrafni muayyan bir jihatdan yozishni xohlarsiz, lekin rejalashtirishni boshlaganingizda soʻz boyligingizda boʻshliqlar borligini va boshqa bir jihatdan yozish siz uchun osonroq ekanini payqashingiz mumkin. Siz ingliz tilida aniq ifodalay oladigan fikrlarga eng mos gʻoyalarni tanlang.

Rejalashtirish 3: Iboralar va turgʻun birikmalarni yozing

Hatto dunyodagi mavjud barcha soʻzlar bilan ham ayrim fikrlarni yozma ifoda etish murakkabdir. Sabab-oqibat aloqasi, spkulyatsiya va faraziy ssenariylarning barchasi mavhum tushunchalar boʻlib, ular siz ifodalamoqchi boʻlgan fikrlarni aniq aytishni qiyinlashtiradi, lekin, shu bilan birga, ingliz tili qobiliyatingizni maksimal darajaga chiqarish va grammatik diapazoningizni namoyish qilish imkonini ham beradi.

Vajlaringizni qanday muhokama qilish haqida fikr yuriting va bir joydan siljiy olmay, qotib qolganingizda shu qismni rejangizda yozishga harakat qiling. Bu, shunchaki, bitta jumladan iborat butun boshli gap boʻlishi mumkin. Bu chinakam taʼsirli fikrni yetkazish uchun yetarli ingliz tili mahoratiga ega yoki ega emasligingizni yoki oʻquvchiga tushunarli boʻlishi uchun fikrlaringizni soddalashtirishga zarurat bor yoki yoʻqligini aniqlashda sizga yordam beradi.

Matnni yozish 1: Rejangizdan foydalaning!

Men savolga javob beruvchi mantiqiy, malakali rejalarni yozadigan, lekin matnni yozishni boshlaganida rejadan chetga chiqib, tasodifiy yoʻnalishga tushib qoladigan koʻplab oʻquvchilarni koʻrganman.

Albatta, yozish davomida ayrim narsalarni oʻzgartirishingiz, masalan, sizda yangi fikr tugʻilishi mumkin, lekin rejaga rioya qilish sizni chalgʻib ketishdan saqlaydi va javob berishingiz lozim boʻlgan savolga qaytaradi. Shuningdek, bu sizni soʻzlar soni va vaqt haqida xabardor ham qilib turadi.

Matnni yozish 2: Kirish qismini oxirida yozing

Bu fikrni hech boʻlmaganda hisobga olishingiz kerak. Kirish qismining maqsadi oʻquvchiga ular nimani oʻqishi haqida maʼlumot berishdir, shunday ekan, hali kontentni yozmay turib, qanday qilib kirish qismini yozish mumkin?

Kirish qismini boʻsh varaqqa yozish qiyin, lekin oldimizda yozilgan kontent boʻlsa, bu ancha oson kechadi.

Qogʻozga yozayotgan boʻlsangiz ham, kirish qismini oxiriga qoldirish mumkin – shunchaki, bu uchun bir necha satr tashlab ketishingiz kerak.

Matnni yozish 3: Kirish va xulosa qismi bir-biriga mos ekaniga ishonch hosil qiling

Kirish va xulosa qismi asosiy paragraflar mazmuniga ham mos kelishi kerak. Bu shundoq ham hammaga ayon jihatdek tuyulishi mumkin, lekin kirish qismida biror masalani yoqlashga ishtiyoq bilan kirishilgan, lekin asosiy paragraflar va xulosa bunga mutlaqo qarshi boʻlgan holatlarga nihoyatda koʻp duch kelganman.

Yuqorida tavsiya etilganidek, xulosani oxirida yozish orqali bu muammoning oldini olish mumkin. Boshlashdan oldin savol haqida qanday fikrga ega ekaningizni biroz chuqurroq oʻylash va rejalashtirish orqali ham buning oldini olish mumkin. Biroz chuqurroq deganda, taxminan bir daqiqaga teng vaqt nazarda tutilmoqda, bir necha soat emas.

Matnni yozish 4: Bogʻlovchilardan foydalaning

Bogʻlovchilar shunchaki “rasmiy ingliz tilini” namoyish qilish usuli, degan koʻp uchraydigan tushuncha mavjud, lekin aslida, biz har doim, doʻstlar bilan suhbatlashganda ham bogʻlovchilardan foydalanamiz. Biz ulardan ogʻzaki va yozma nutqda “Hozirgina aytilganlarga qoʻshimcha qilmoqchi ekanimiz”, “Hozirgina aytilganlarga qarshi fikr bildirmoqchi ekanimiz”ni koʻrsatish, umuman olganda, tinglovchi yoki oʻquvchining bundan keyingi yoʻnalishimizni tushunishiga yordam berish maqsadida foydalanamiz.

Matn yozib boʻlinganidan keyin

Bu koʻp oʻquvchilar xohlamaydigan yana bir jihat – bu oʻzi yozgan narsani oʻqishdir!

Imloga oid xatolar, uchinchi shaxs bilan ishlatilgan feʼllardagi “s” qoʻshimchasi, bosh harflar va siz yoʻl qoʻyishga moyil boʻlgan har qanday xatolar yoʻqligini tekshiring... agar qanday xatolarga yoʻl qoʻyishga moyil ekaningizni bilmasangiz, buning sababi – yozgan matningizni tekshirmasligingizdir, shunday bois, buni bugundan boshlashingiz kerak! Siz yozish borasidagi kuchli va zaif jihatlaringiz boʻyicha mutaxassis boʻlishingiz mumkin, bu esa sizni tobora yaxshilab boradi.

Bundan tashqari, yozgan matningizni qayta oʻqishingiz kerak, chunki fikrlarni qanday mahorat bilan qogʻozga tushirganingiz va vajlaringiz qanchalik ishonarli ekanini koʻrish sizga zavq bagʻishlaydi. Uddalading! Barakalla! Biroz pozitivlik bilan bu lahzadan zavq oling!